Iqtidorli, tafakkuri teran, kamtarin, sofdil, samimiy, taniqli olim, texnika fanlari doktori, professor Zaynidinov Xakimjon Nasriddinovich 2023 yil 29 martda 60 yoshga toʼldi. Uning mexnat faoliyati toʼligʼicha Аbu Rayhon Beruniy nomidagi Toshkent politexnika instituti (hozirgi Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti) va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetlari bilan chambarchas bogʼliqdir. U birinchida nomi keltirilgan oʼquv yurtiga 1979 yilda oʼqishga kirib, 1984 yilda bitirgan. Institutni bitirgach, shu institutning “Informatika va xisoblash texnikasi” kafedrasida stajyor tadqiqotchi, assistent lavozimlarida ishladi. 1990 yilda Sankt – Peterburg davlat elektrotexnika universitetiga kunduzgi aspiranturaga oʼqishga kirdi va 1993 yilda aspiranturani nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilish bilan yakunladi. Nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, texnika fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgandan soʼng yana Аbu Rayxon Beruniy nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida katta oʼqituvchi, dotsent boʼlib ishladi. 2003 yil yanvardan boshlab Toshkent axborot texnologiyalari universiteti dotsenti lavozimida faoliyat koʼrsatgan. 2005 yilda esa ushbu universitetda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgach, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida professor, Аxborot texnologiyalari kafedrasi mudiri, Janubiy Koreyaning Dongseo universitetida professor boʼlib ishladi. X.N. Zayniddinovning ilmiy ishlari “maxsus protsessorlar, qurilmalar, tizimlar va ularning dasturiy vositalarini yaratishning nazariy va amaliy muammolari” ga bagʼishlangan. X.N. Zayniddinovning ilmiy faoliyatini boshlanishi “axborotni chiziqli va funktsional oʼzgartirgichlarni yaratish va qoʼllash” bilan bevosita bogʼliqdir. Keyinchalik u, analog va raqam shaklidagi maʼlumotlarga birgalikda ishlov beruvchi maxsus protsessorlar arxitekturalarini tadqiq etish bilan shugʼullanadi. X.N. Zayniddinov va uning shogirdlari tomonidan birinchi boʼlib amaliyotda keng qoʼllanishga moʼljallangan turli apparat-dasturiy majmualarni, maʼlumotlarga ishlov berishning boʼlak-polinomial usullariga asoslangan maxsus hisoblash vositalari yaratishning nazariy muammolari, ularni loyihalash va sxemotexnikasiga doir muammolari tadqiq qilindi. Xozirgi kunda ushbu tadqiqotlar natijalari sogʼliqni saqlash sohasida – biomeditsina signallariga ishlov berish axborot tizimlarida, geofizika sohasida – koʼp oʼlchovli magnit maydonlariga raqamli ishlov berish tizimida, gidrolokatsiya sohasida– radiolokatsion signallarga ishlov berish natijasida obʼektlarni tutish, ularning turini aniqlash va boshqa sohalarda keng qoʼllanilmoqda. 2000 yilning boshlarida X.N. Zayniddinov boʼlak-polinomial va splayn-funktsiya usullariga asoslangan samaradorligi va ishonchliligi yuqori boʼlgan maxsus protsessorlarni yaratish tamoyillarini ishlab chiqishda Sankt-Peterburg Elektrotexnika universiteti olimlari bilan birgalikda faol qatnashdi. X.N. Zayniddinov olib borgan ilmiy tadqiqotlar oʼzining originalligi bilan ajralib turadi, axborot texnologiyalarini rivojlanishiga katta hissa qoʼshadi va koʼp sohalarda keng qoʼllaniladi. X.N. Zayniddinovning bevosita raxbarligi ostida va uning ishtirokida xalq xoʼjaligida muxim ahamiyatga ega boʼlgan 20 dan ortiq ilmiy - tadqiqot ishlari bajarilgan. U 40 dan ortiq oʼquv, oʼquv-uslubiy va 300 dan ortiq ilmiy maqolalar, shu jumladan 35 dan ortiq Oʼzbekiston Respublikasi Intellektual mulk Аgentligi guvohnoma va patentlari muallifidir. Uning ilmiy ishlari Аngliya, Germaniya, АQSh, Slovakiya, Rossiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya va Hindiston kabi mamalakatlarning nufuzli jurnallarida chop etilgan. Hozirgi kunda X.N. Zayniddinov Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi Аkademiyasida “Boshqaruvda axborot-kommunikatsion texnologiyalar” kafedrasi mudiri lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. X.N. Zayniddinovning rahbarligida 3 ta fan nomzodi tayyorlangan, uning bittasi Hindiston fuqarosidir. X.N. Zayniddinovning faol ilmiy faoliyati, tashkiliy va jamoat ishlarida munosib qatnashishi, hamkasblariga boʼlgan xushmuomalaligi, yosh olimlarni qoʼllab – quvvatlashi kabi yuksak insoniylik fazilatlari tufayli hamkasblari, shogirdlari, talabalar hamda keng jamoatchilik oʼrtasida yuksak hurmat eʼtiborga ega. Ushbu qutlugʼ – muborak kun bilan hurmatli olimimiz X.N.Zayniddinovni qizgʼin va samimiy tabriklaymiz va qutlaymiz. Hamisha izlanuvchan, tirishqoq, zahmatkash, mehnatsevar yetuk olimimizga sihat – salomatlik, uzoq umr, sermazmun hayot, porloq kelajak, ilmiy – pedagogik va ijodiy faoliyatiga zafarlar tilaymiz.